WEB texnologiyasining asosini gipermatnli murojaatlar tashkil qiladi. Gipermatnli sahifalarni belgilash tili (HTML – Hypertext Markup Language) Web-hujjatlar yaratish uchun maxsus ishlab chiqilgan tildan iborat. U ekranda chiqarilmaydigan, lekin brouzerga hujjatning ichidagilarni qanday aks ettirishni ko’rsatadigan maxsus yo’riqnomalar (teglar)ning sintaksisi va joylashishini aniqlaydi. U shuningdek mahalliy yoki tarmoqdagi, masalan, Internet tarmog’idagi boshqa hujjatlarga murojaatlarni yaratish uchun ham ishlatiladi. Dastlab World Wide Web tizimi matnli ma’lumotlarni va HTML hujjatlarni ko’rishga mo’ljallangan, matnni tahrirlovchi tilga o’xshash tizim bo’lgan. Ayni damda HTML tili WWW dagi eng ommabop tillardan biri hisoblanadi. HTML tilida yozilgan ma’lumotlar o’z ichiga matn, fayllar, grafik ma’lumotlar va boshqalarni oladi.
Hujjatlar orasidagi aloqani ta’minlash va ma’lumotlarni formatlash vositalari teg (tag) deb ataluvchi vosita orqali amalga oshiriladi.
Web sahifaning matn va teglari aralash ravishda HTML hujjat deb ataluvchi faylning ichiga joylashtiriladi. Qanday tegni qo’llaganingizga qarab brauzer oynasida ma’lumotlar turlicha ko’rinadi. HTML hujjatga ma’lumotlarni joylashtirish va tahrirlash uchun yuzlab teglar mavjud. Masalan, <p>va </p> teglari abzatsni tashkil etadi, <i> va </i> juft teglari esa, matnni yozma (kursiv) holda ko’rsatish uchun qo’llaniladi.Shu bilan birga gipermatnli ssilkalar teglari ham mavjud. Ushbu elementlar foydalanuvchiga gipermatn ustiga sichqoncha kursori bosilganda boshqa hujjatga bog’lanish imkonini beradi.
Hujjat tuzilishi. HTML (Hyper Text Markup Language) – belgili til bo’lib, ya’ni bu tilda yozilgan kod o’z ichiga mahsus ramzlarni mujassamlashtiradi. Bunday ramzlar hujjat ko’rinishini faqatgina boshqarib, o’zi esa ko’rinmaydi[1]. HTMLda bu ramzlarni teg (teg – yorliq, belgi) deb ataladi. HTMLda hamma teglar ramz-chegaralovchilar (< , >) bilan belgilanadi. Ular orasiga teg identifikatori (nomi, masalan V) yoki uning atributlari yoziladi.
Yagona istisno bu murakkab chegaralovchilar (<!—va —>) yordamida belgilanuvchi sharxlovchi teglardir. Aksariyat teglar jufti bilan ishlatiladi. Ochuvchi tegning jufti yopuvchi teg. Ikkala juft teg faqatgina yopuvchi teg oldidan «slesh» (“/”) belgisi qo’yilishini hisobga olmaganda, deyarli bir xil yoziladi. Juft teglarning asosiy farqi shundaki, yopuvchi teg parametrlardan foydalanmaydi. Juft teg yana konteyner deb ham ataladi. Juft teglar orasiga kiruvchi barcha elementlar teg konteyneri tarkibi deyiladi. Yopuvchi tegda zarur bo’lmagan bir qator teglar mavjud.